Ko‘plab haydovchilar uchun avtomobil shunchaki transport vositasi emas — u har qanday ehtimoliy xavfdan asrashga intiladigan qimmatli mulkdir. Avtoturargohdagi kichik tirnalish, avtomobil yuvish jarayonidagi ehtiyotsizlik yoki yo‘ldagi kutilmagan vaziyat — hatto kichik holatlar ham doimiy xavotirga sabab bo‘lishi mumkin. Biroq haydovchi qanchalik ehtiyotkor bo‘lmasin, barcha vaziyatlarni to‘liq nazorat qilishning imkoni yo‘q. Avtomobilni har qanday xavfdan asrash istagi va kundalik hayotning oldindan aytib bo‘lmasligi o‘rtasidagi ana shu qarama-qarshilik KAFIL-SUG‘URTA kommunikatsiyasining boshlang‘ich nuqtasiga aylandi. Avtotransport vositalarini ixtiyoriy sug‘urta qilish (KASKO) mahsuloti orqali KAFIL-SUG‘URTA kommunikatsiyani doimiy xavotirdan moliyaviy tayyorgarlik tomon yo‘naltirishni maqsad qildi — haydovchi o‘zini ishonchliroq his qilishi uchun har bir ehtimolni oldindan nazorat qilishi shart emasligini ko‘rsatdi. Aynan shu insight “HAR EHTIMOLGA QARSHI” kreativ platformasining asosiga aylandi.
Muammo
MUAMMO O‘zbekistonda sug‘urta bozori faol rivojlanib borayotgan bo‘lsa-da, aholida ixtiyoriy sug‘urtaga nisbatan barqaror madaniyatni shakllantirish hamon muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayrim iste’molchilar uchun sug‘urta hali ham xavf yuz bermasidan oldin foydalaniladigan moliyaviy himoya vositasidan ko‘ra, muammo sodir bo‘lgandagina o‘ylab ko‘riladigan xizmat sifatida qabul qilinishi mumkin. Shu sababli aholining moliyaviy savodxonligini, sug‘urta madaniyatini va sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchini oshirish sohani rivojlantirishning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Bu muammo ayniqsa KASKO mahsulotida yaqqol namoyon bo‘ladi. Avtomobil egalari o‘z mashinasini asrash uchun ko‘plab vaziyatlarni shaxsan nazorat qilishga harakat qiladi: xavfsiz joyga qo‘yadi, tirnalib qolishidan xavotirlanadi, avtomobil yuvilishini kuzatadi, hatto eng kichik ehtimoliy xavfni ham oldindan hisobga olishga urinadi. Ammo inson qanchalik ehtiyotkor bo‘lmasin, barcha kutilmagan vaziyatlarni nazorat qilishning imkoni yo‘q. Shu bois oldimizdagi vazifa shunchaki navbatdagi sug‘urta mahsulotini reklama qilish emas edi. Biz KASKO haqidagi tasavvurni o‘zgartirishimiz — uni “biror narsa bo‘lib qolsa kerak bo‘ladigan” qo‘shimcha xarajatdan, nazorat qilib bo‘lmaydigan holatlarga oldindan moliyaviy tayyor turish vositasiga aylantirishimiz kerak edi. VAZIFA KAFIL-SUG‘URTA oldiga ixtiyoriy avtosug‘urtani oddiy haydovchi uchun tushunarli, kundalik hayotga yaqin va hissiy jihatdan tanish qilish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun auditoriyani qo‘rqitish emas, balki uning o‘zida mavjud bo‘lgan tabiiy xulq — qadrli avtomobilini har qanday ehtimoldan asrash istagiga tayanish kerak edi. Asosiy vazifa bitta sodda haqiqatni yetkazish edi: Har bir xavfni nazorat qilib bo‘lmaydi. Ammo uning moliyaviy oqibatlariga tayyor turish mumkin. Shu orqali KASKOni nafaqat sug‘urta mahsuloti, balki ongli moliyaviy himoya madaniyatining bir qismi sifatida ko‘rsatish maqsad qilindi.
Yechim
YECHIM Biz KASKO haqida odatiy sug‘urta reklamasini yaratishni istamadik. Avtohalokat, zarar yoki qo‘rqituvchi vaziyatlarni ko‘rsatish o‘rniga, auditoriyaga o‘zini tanish bo‘lgan kundalik holatlarda ko‘rsatishga qaror qildik. Kreativ g‘oyaning markaziga avtomobilini shu qadar qadrlaydigan qahramon qo‘yildiki, u mashinasiga biror narsa bo‘lib qolishidan xavotirlanib, har bir ehtimolni shaxsan nazorat qilishga urinadi. Bolalar mashina yonida o‘ynasa — u darhol tashqariga chiqadi. Kafeda o‘tirsa ham — xayoli avtomobilida. Avtoyuvishda esa — hatto mashinaning qanday yuvilayotganini ham nazorat qiladi. Bu vaziyatlar ataylab bosqichma-bosqich kuchaytirildi. Har bir yangi epizod qahramonning ehtiyotkorligini yanada bo‘rttirib, oddiy insoniy xavotirni kulgili va esda qoladigan storytellingga aylantirdi. Kulminatsiyada qahramon nihoyat sug‘urta kompaniyasiga murojaat qiladi. Shu nuqtada hikoyaning asosiy fikri ochiladi: Hayotdagi barcha ehtimollarni nazorat qilib bo‘lmaydi. Ammo ularning moliyaviy oqibatlariga tayyor turish mumkin. Shu insight asosida KAFIL-SUG‘URTA uchun yagona kreativ platforma yaratildi: “HAR EHTIMOLGA QARSHI” / “JUST IN CASE” Bu ibora bir vaqtning o‘zida ham kundalik hayotda ishlatiladigan tanish ifoda, ham KASKOning mohiyatini sodda tarzda ochib beradigan brend va’dasiga aylandi. Natijada biz KASKOni murakkab sug‘urta shartlari orqali emas, balki insonning o‘z mulkini asrashga bo‘lgan tabiiy instinkti orqali tushuntirdik. Reklama qo‘rquvga emas, tanish xulq, yumor va o‘zini qahramonda ko‘ra olish hissiga qurildi. Shu orqali KAFIL-SUG‘URTA KASKOni shunchaki sug‘urta polisi emas, balki kutilmagan vaziyatlar oldida moliyaviy xotirjamlik beruvchi ongli tanlov sifatida ko‘rsatdi.
Natijalar
NATIJALAR “Har ehtimolga qarshi” roligi sug‘urta mahsulotini odatiy rasmiy kommunikatsiyadan chiqarib, keng auditoriya uchun tushunarli va ko‘ngilochar kontentga aylantirdi. Rolik KAFIL-SUG‘URTAning Instagram sahifasida 21,5 mingdan ortiq ko‘rish yig‘di. Kampaniya qamrovini kengaytirish maqsadida bosh rolga O‘zbekistonda tanilgan aktrisa va teleboshlovchi Nigora Karimboyeva jalb qilindi va kontent kollaboratsiya formatida tarqatildi. Karimboyeva O‘zbekiston kino va televideniyesida uzoq yillik faoliyati, jumladan “Sardor” serialidagi roli va teleboshlovchilik faoliyati bilan keng auditoriyaga tanish. Natijada KASKO haqidagi kommunikatsiya faqat sug‘urta xizmatiga qiziqayotgan auditoriya doirasida qolib ketmadi. Mahsulot kundalik hayot, yumor va taniqli obraz orqali kengroq iste’molchi kontekstiga olib chiqildi. Shu ma’noda loyiha O‘zbekistonda sug‘urtani “hodisa sodir bo‘lgandan keyingi xizmat” emas, balki oldindan moliyaviy tayyorgarlik vositasi sifatida ommalashtirishga hissa qo‘shdi. Bu kommunikatsiya o‘sib borayotgan sug‘urta bozori fonida amalga oshirildi: 2024-yilda O‘zbekistonda qariyb 10 million sug‘urta shartnomasi tuzilgan, sug‘urta mukofotlari hajmi 9,8 trillion so‘mga yetib, bir yil ichida 21% ga oshgan. Sug‘urta to‘lovlari esa 2,2 trillion so‘mni tashkil etib, 9% ga o‘sgan. 2026-yilning I choragida umumiy sug‘urta bozorida amalga oshirilgan to‘lovlar hajmi 789,4 mlrd so‘mga yetib, 2025-yilning shu davriga nisbatan 32,4% ga oshdi. Bu raqamlar sug‘urta himoyasining O‘zbekistondagi real iqtisodiy ahamiyati tobora ortib borayotganini ko‘rsatadi. KAFIL-SUG‘URTAning o‘z faoliyati ham kreativ xabarning ortida real moliyaviy himoya mavjudligini tasdiqlaydi. 2026-yil II choragida kompaniyaga 3 876 ta sug‘urta da’vosi kelib tushgan, ulardan 3 779 tasi bo‘yicha to‘lov amalga oshirilgan — qariyb 97,5%. Shu uch oy davomida mijozlarga jami 39 mlrd so‘m sug‘urta tovoni to‘langan. 21,5K+ views. 3 779 paid claims. 39 billion UZS in compensation. One simple message: HAR EHTIMOLGA QARSHI. Kampaniyaning eng muhim kommunikatsion natijasi — KASKOni murakkab sug‘urta mahsulotidan odamlar o‘zini taniydigan, gaplashadigan va eslab qoladigan hikoyaga aylantirish bo‘ldi.