Keys

Uztelecom — Barchaga texnologiyalar

  • Brend
  • Uztelecom
  • Reklama qilingan mahsulot
  • Uztelecom
Uztelecom — O‘zbekiston bo‘ylab 12 milliondan ortiq abonentni birlashtiruvchi milliy telekommunikatsiya operatori. Kompaniya qariyb 300 000 kilometr optik tolali liniyalarga ega va mamlakatdagi aholi yashaydigan hududlarning 96 foizidan ortig‘ini optik tarmoqlar bilan qamrab oladi. Bu ko‘lam ortida juda ko‘p mahsulotlar, xizmatlar va kommunikatsiya mavzulari turadi: mobil va statsionar aloqa, uy interneti, televideniye, bulutli yechimlar, raqamli servislar, infratuzilmaviy loyihalar, shuningdek, biznes va davlat tashkilotlari bilan ishlash.

Muammo

Muammo axborot yetishmasligida emas edi. Aksincha, brend tushuntirishi kerak bo‘lgan narsalar haddan tashqari ko‘p edi. Avvalgi aydentika Uztelecomni yirik texnologik infratuzilma sifatida yaxshi ifodalardi, biroq bu infratuzilmaning inson hayotidagi ma’nosini ko‘rsatishga yordam bermasdi. Kommunikatsiya ko‘pincha tarif, tezlik, gigabaytlar soni yoki texnik xususiyatdan boshlanardi — holbuki, har bir xizmat ortida aniq hayotiy vaziyat turadi. Kimdir ish uchun barqaror internetga muhtoj. Kimdirga farzandi uchun xavfsiz aloqa kerak. Kimdir butun oila uchun yagona yechim izlaydi. Biznesga esa shunchaki tezlik emas, jarayonlarning uzluksizligiga ishonch kerak. Vazifa milliy operatorga murakkab texnologiyalarni tushunarli insoniy foydaga aylantira oladigan va raqamli kanallarda, bosma materiallarda, tashqi reklamada hamda jismoniy muhitda birdek ishonchli ishlaydigan yagona tilni berishdan iborat edi.

Yechim

«Barchaga texnologiyalar» g‘oyasiga asoslangan yangi pozitsiyalashuv kommunikatsiyani xizmatlar tilidan inson ehtiyojlari tiliga o‘tkazadi. Brend endi tarif yoki texnik ko‘rsatkichdan emas, texnologiyaning odamlarga yashash, ishlash, o‘qish, muloqot qilish va o‘zini ishonchliroq his etishda qanday yordam berishidan boshlanadi. Shu asosda B2C uchun yagona verbal va vizual tizim yaratildi, B2B va B2G kommunikatsiyalari esa qayta ko‘rib chiqildi. Tanish to‘lqin brendning asosiy tanib olinish elementi sifatida saqlab qolindi, biroq faol kommunikatsiya vositasiga aylandi: u e’tiborni yo‘naltiradi, raqamli kommunikatsiyada ritm yaratadi, signal tarqalishini vizuallashtiradi va 3D obyektlar uchun asos bo‘ladi. Geometrik jihatdan aniq ishlangan belgi, Uztelecom logotipi, TT Turns VF variativ shrfti, ko‘k palitra, gradientlar, ikonografika, fotostil va shaffof shishadan yaratilgan 3D obyektlar yagona tizimni tashkil etadi. 3D obyektlar ko‘zga ko‘rinmaydigan texnologik qatlamlarni — ma’lumotlar, signal va infratuzilmani — vizuallashtiradi, fotostil esa real odamlarni markazga qaytaradi. Xabarlar modulli prinsip asosida tuziladi va interfeys yoki postdan tortib bilbord, LED-ekran va fasadgacha bo‘lgan formatlarga moslashadi. Bu mantiq retailbook hujjatida jismoniy muhitda ham davom etadi. Uch format — flagman ofis, franshiza nuqtasi va shop-in-shop — «Jonli to‘lqin» konsepsiyasi ostida birlashtirilgan. Riflyoniy shisha belgining plastikasini davom ettiradi, pandjaraning zamonaviy talqini raqamli kelajakni mahalliy kontekst bilan bog‘laydi, texnologik aniqlik va iliq materiallarning uyg‘unligi esa ofisni rasmiy xizmat ko‘rsatish punktidan raqamli mehmondo‘stlik makoniga aylantiradi.

Natijalar

Shunchaki yangi aydentika emas, balki milliy miqyosdagi brend uchun kommunikatsiya tizimi yaratildi. U tariflar haqida hayotiy ssenariylar orqali, texnik yangilanishlar haqida ishonchlilik hissi orqali, raqamli servislar haqida aniq foyda orqali, yirik loyihalar haqida esa ularning odamlar va mamlakat uchun ahamiyati orqali gapirish imkonini beradi. Bir xil prinsip barcha darajalarda ishlaydi: interfeys, ijtimoiy tarmoq, reklama xabari, bosma material, tashqi reklama konstruksiyasi, ofis, fasad va hududiy xizmat ko‘rsatish nuqtasida. Uztelecom yirik texnologik kompaniyaning murakkabligi va insoniy kommunikatsiyaning soddaligini birlashtira oladigan tilga ega bo‘ldi. Endi brend har bir tashuvchida bir xil logotipni takrorlagani uchun emas, balki uning har bir xabari bir xil tamoyil asosida qurilgani uchun tanib olinadi: texnologiya odamlarga yordam berish uchun mavjud.
PDFni ko'rish